Xаlqаro аloqаlаrning rivojlаnishi
1 avgust 1991 yil – O’zbekiston Respublikasi mustaqilligi rasman e'lon qilingan kundan e'tiboran O’zbekistonning jahon hamjamiyatiga keng ko'lamli integratsiyalashuvi uchun poydevor qo'yildi.
Mustaqillikka erishgach, O’zbekiston o'z tashqi siyosatini mustaqil ravishda yuritish imkoniyatini qo'lga kiritdi. Uning negiziga quyidagi ustuvor tamoyillar asos qilib olindi: davlat milliy manfaatlarining, xalqaro huquq me'yorlarining ustuvorligi, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, barcha nizolarni tinch yo'l bilan hal etish, o'zining milliy-davlat manfaatlari ustuvorligida o'zaro manfaatlarni har tomonlama hisobga olish, biror-bir davlatning ta'sir doirasiga kirmaslik, to'la ishonch, xalqaro iqtisodiy va moliyaviy tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish asosida ikki tomonlama, shuningdek, ko'p tomonlama tashqi aloqalarni o'rnatish va ularni rivojlantirish.
Bugungi kunda, O’zbekiston dunyoning 120 dan ortiq davlati bilan diplomatik aloqa o'rnatgan.
Toshkentda 44 ta elchixona, 9 ta faxriy konsul, 10 ta xalqaro tashkilot vakolatxonalari, 5 ta xalqaro moliyaviy tashkilot vakolatxonalari, 3 ta savdo vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda.
O’z navbatida, O’zbekiston Respublikasining 46 ta diplomatik va konsullik vakolatxonalari chet davlatlarda va xalqaro tashkilotlar huzurida, shu jumladan, Nyu-York shahrida BMT huzuridagi doimiy vakolatxonasi hamda Jeneva shahrida BMTning Yevropa bo'limi va boshqa xalqaro tashkilotlari huzurida faoliyat yuritmoqda.
O’zbekiston Respublikasi 100 dan ziyod xalqaro tashkilot a'zosidir. Ular orasida ayniqsa BMT, ShHT, MDH, KXSHT nufuzli tashkilotlardir. Yevropa Ittifoqi va NATO bilan yaqin hamkorlik aloqalari rivojlanmoqda.
Teng huquqli va o'zaro manfaatli hamkorlik tamoyili asosida turli davlatlar bilan keng ko'lamli aloqalar o'rnatilishi O’zbekistonga jahon xo'jalik aloqalari tizimiga muvaffaqiyatli integratsiyalashuv, xalqaro siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy aloqalarni faol o'rnatish uchun imkoniyat yaratadi.
O’zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining eng ustuvor yo'nalishi – qo'shni davlatlar, avvalo, mintaqadagi davlatlar bilan aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash va har tomonlama hamkorlik qilishdir. Mintaqaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish – Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotning garovidir.
G’arb, Osiyo va Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari, Janubi-Sharqiy va Janubiy Osiyo davlatlari bilan aloqalarni izchillik bilan rivojlantirib, O’zbekiston ushbu aloqalarni yangicha ma'no-mazmun bilan to'ldirishga intilmoqda.
O’zbekiston va Yevropa Ittifoqi o'rtasida 1996 yilda imzolangan Sheriklik va hamkorlik to'g’risidagi Bitimga muvofiq, Yevropa Ittifoqi bilan siyosiy muloqotlar, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar rivojlanmoqda va mustahkamlanmoqda.
O’zbekiston bilan Shimoliy va Janubiy Amerika davlatlari, jumladan, AQSh o'rtasida hamkorlik kengaymoqda. O’zbekiston va AQSh xavfsizlikka tahdid soluvchi global jarayonlar – narkotik moddalarning noqonuniy savdosi, ommaviy qirg’in qurollarini tarqatishga qarshi kurash sohasida hamda Afg’onistonda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash borasida o'zaro hamkorlikni davom ettirmoqda.
Mustaqillikka erishgach, O’zbekiston e'tiqodi, an'analari va urf-odatlari bo'yicha yaqin bo'lgan Osiyodagi, Yaqin va O’rta Sharqdagi musulmon davlatlar bilan to'g’ridan-to'g’ri aloqalarni o'rnatish imkoniyatiga ega bo'ldi. Ushbu davlatlar bilan siyosiy, iqtisodiy, madaniy va gumanitar aloqalar rivojlanmoqda.
Yana bir muhim yo'nalishlardan biri bu MDH davlatlari bilan aloqalardir. MDHga a'zo davlatlar ko'p tomonlama va ikki tomonlama asosda umumiy va milliy manfaatlarni ro'yobga chiqarish uchun o'z pozitsiyalarini kelishish imkoniyatiga ega.
O’zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan yana biri – mintaqaviy va global miqyosda tinchlik va barqarorlikni saqlashdagi xalqaro hamkorlikdir. Xavfsizlikning uzviyligi to'g’risidagi eng asosiy tamoyilga asoslangan holda, O’zbekiston xalqaro tuzilmalarning, eng avvalo, BMTning xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlashdagi rolini kuchaytirish zarurligini ta'kidlab kelgan va bundan keyin ham shunday qiladi.




