Bosh sahifa >>
Matbuot markazi
Bo’limga qaytish Iqtisodiyot >>

Qurilish ishlari izchil davom etmoqda

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida qishloqlar qiyofasini tubdan o‘zgartirish, turar joy va ijtimoiy soha obyektlarini namunali loyihalar asosida qurish hamda qishloq infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2010 yil 8 sentabrda qabul qilingan “Qishloq joylarda uy-joylarni loyihalashtirishni takomillashtirish va qurilishni yaxshilash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni jadallashtirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Qishloq joylarda bunyodkorlik ko‘lami kengayib borayotgani sifatli qurilish materiallariga talabni oshirmoqda. Navoiy viloyatida qurilish materiallari turi va hajmini ko‘paytirish maqsadida o‘tgan yili zamonaviy tom yopqich va devorbop materiallar ishlab chiqaruvchi o‘nta yangi korxona ishga tushirildi. Ularning uchtasi qurilishlar uchun nisbatan arzon narxlarda pishgan g‘isht, beshtasi tom yopqich materiallari yetkazib bermoqda.

O‘tgan yillari viloyatning barcha tumanlarida zamonaviy, shinam, shahardagidan qolishmaydigan namunaviy uy-joylarni barpo etishda “Qiziltepa kapital qurilish servis”, “Qiziltepa qurilish trans”, “Oltin sher Navoiy”, “Villa plus”, “Malikrabot qurilish-montaj”, “Yuksalgan quruvchi bunyodkor” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, “Arba” xususiy firmasi kabi pudratchi korxonalar munosib hissa qo‘shdi.

“Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasining Navoiy viloyati filiali direktori Rahmatilla Sultonovning aytishicha, 2011 yili viloyatda namunaviy loyihalar asosida 490 uy-joy qurilib, o‘z egalariga topshirilgan.

Ana shunday uylardan biri nurotalik tadbirkor Sunnat Toshevga nasib etdi. U oilasi bilan yangi uyga ko‘chib o‘tdi. Bu uylarga yaqin hududda savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish, bank shoxobchalari, sport maydonchalari va boshqa ijtimoiy obyektlar ham qad rostladi. Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan sifatli qurilish materiallaridan barpo etilgan uylar barcha kommunikatsiya tarmoqlariga ulangan.

– Uyimizda yaratilgan shart-sharoitlar shaharnikidan kam emas, – deydi Sunnat aka. – Ayniqsa, mana shunday zamonaviy uylarni sotib olish uchun uzoq yillik imtiyozli ipoteka kreditlari berilayotgani yosh oilalar uchun katta madad bo‘lmoqda.

Fuqarolarni zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash, hayot sifatini yuksaltirish va qishloqlarimiz ko‘rkiga-ko‘rk qo‘shish maqsadida joriy yil viloyatda namunaviy loyihalar asosida 20 massivda 500 uy-joy quriladi. Ayni paytda ularning loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanib, pudratchi qurilish tashkilotlarini tanlash ishlari olib borilmoqda.


Bo’limga qaytishIqtisodiyot >>
Bosh sahifa >>
© 2001—2012 Portal haqida