Bolalar salomatligi – doimiy e’tiborda
Mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yoshlarning sog‘lom voyaga yetishida to‘g‘ri ovqatlanish muhim o‘rin tutadi. Shuning uchun ham ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning sifatli va to‘g‘ri ovqatlanishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 20 avgustda qabul qilingan “Ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlanish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 2011 yil 14 oktabrda tasdiqlangan “Bolalarni tarbiyalashni takomillashtirishga, sog‘lom va barkamol avlodni shakllantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari bu boradagi ishlarni takomillashtirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Ushbu hujjatlar ijrosi yuzasidan Farg‘ona viloyatidagi ta’lim muassasalari, mutasaddi idora va tashkilotlar, viloyat Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tomonidan ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
– Ta’lim muassasalari oshxonalari uchun oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish, tayyorlash, qayta ishlash, yetkazib berish, saqlash, tashish va sotish bo‘yicha muayyan tartib o‘rnatilgan, – deydi viloyat Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh shifokori E. Malikov. – Maktablarda sotish uchun taqiqlangan mahsulotlar ro‘yxati tuzildi. O‘tgan yili viloyatimizdagi ta’lim maskanlari oshxonalarida bolalar uchun tayyorlanadigan oziq-ovqatlardan bakteriologik xavfsizlik ko‘rsatkichlarini aniqlash uchun namunalar olinib, tekshiruvdan o‘tkazildi. Tekshiruv natijasiga ko‘ra, bolalar sog‘ligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi turli konservantlar va sintetik qo‘shimchalar bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini sotish taqiqlandi.
Ta’kidlash joizki, barcha, jumladan, o‘quv dargohlarining oshxona va bufetlarida tayyorlanayotgan oziq-ovqatlar bolalar sog‘ligiga zararli ta’sir ko‘rsatmasligi, to‘yimli, kimyoviy tarkibi va bakteriologik jihatdan foydali bo‘lishi shart. Shuningdek, ularning narxi nisbatan arzon bo‘lishi, oziq-ovqatlarni sotish jarayonida sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etilishi kerak.
Hozirgi kunda viloyatdagi ta’lim maskanlarida 860 oshxona va bufetlar ishlab turibdi. Maktablarda ovqatlanish sifatini oshirish maqsadida tender asosida tanlab olingan tadbirkorlik subyektlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda mazkur ta’lim maskanlaridagi oshxonalarda maktab o‘quvchilarini issiq ovqat, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini sutli va temir moddasiga boy qandolat mahsulotlari bilan ta’minlash ishlari talab darajasida yo‘lga qo‘yilgan. Zero, ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning sog‘lom ovqatlanishini tashkil etish yoshlarning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishiga ko‘maklashadi.