Kengaytirilgan qidiruv

Yaxshi qo‘shiq – ijodiy hamkorlik mevasi


23.02.2012

Prezidentimiz Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida navqiron avlod ma’naviyatini yuksaltirishda estrada san’atining ahamiyati beqiyos ekani, yoshlarning badiiy-estetik didini tarbiyalashga, ularni “ommaviy madaniyat”ning zararli ta’siridan himoyalashga xizmat qiluvchi puxta musiqiy asarlarni yaratish ijod ahli zimmasiga katta mas’uliyat yuklashi alohida ta’kidlangan.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan “Milliy estrada san’ati: shoir, bastakor va xonanda hamkorligi – davr talabi” mavzuidagi davra suhbatida ijodkorlarning bu boradagi dolzarb vazifalari atroflicha muhokama etildi. Unda shoirlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, san’atkorlar, yosh ijrochilar, bastakorlar, ijodiy tashkilotlarning vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Sirojiddin Sayyid, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi bosh direktori Azamat Haydarov, O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi raisi Rustam Abdullayev va boshqalar milliy madaniyatimiz, san’atimizni izchil ravnaq toptirish, ijod ahlini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida istiqlol yillarida xalqimiz, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish borasida olib borilayotgan ezgu ishlarning muhim yo‘nalishi ekanini ta’kidladi. Inson ma’naviyatiga beqiyos ta’sir ko‘rsatadigan musiqa san’atini, xususan, milliy musiqa san’atimizni yoshlar qalbi va ongida ezgu fazilatlarni shakllantirishdek ulug‘vor maqsadlar bilan uyg‘un holda rivojlantirish bu jarayonda alohida ahamiyat kasb etadi.

Davlatimiz rahbarining 2008 yil 8 iyulda qabul qilingan “Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009-2014 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori musiqiy ta’limni davr talabiga mos tarzda takomillashtirish, yosh avlodning iste’dodini har tomonlama kamol toptirish, madaniy saviyasini yuksaltirishda muhim omil bo‘lmoqda. Mazkur qarorning hayotga izchil tatbiq etilishi samarasida bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyati yanada rivojlanmoqda. Mazkur sohaga ixtisoslashgan oliy va o‘rta maxsus ta’lim maskanlarida o‘qitish yuksak mezonlar asosida yo‘lga qo‘yilib, musiqaning turli janr va yo‘nalishlariga ixtisoslashgan ijodiy studiyalar tashkil etilayotir.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi va boshqa bir qator ijodiy tashkilotlar hamkorligida yosh ijrochilar, shoir va bastakorlarni qo‘llab-quvvatlashga doir ko‘plab ijodiy loyihalar, ko‘rik-tanlovlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Buning samarasi o‘laroq, yuqori saviyali, badiiy jihatdan puxta qo‘shiqlar yaratilmoqda.

Shu bilan birga, ba’zi yosh xonandalar tomonidan musiqa, she’riyat, sahna talablariga javob bermaydigan, ovoz va ijro jihatdan sayoz, matni yengil-yelpi so‘zlardan iborat saviyasi past qo‘shiqlar, milliy mentalitetimiz, axloqiy qarashlarimizga, umrboqiy qadriyatlarimizga zid kliplar yaratilayotgani san’at ixlosmandlari, keng jamoatchilikning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

– Muxlislarga manzur bo‘ladigan yaxshi qo‘shiq, avvalo, badiiy jihatdan puxta she’rdan yaraladi, – deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Abdulla Shoma’rupov. – Yuksak saviyali qo‘shiqni tinglovchiga taqdim etishdek ezgu maqsad biz, san’at ahlini bastakor, xonanda, shoir o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga, ziyrak va ayni damda nozik didli xalqimiz oldidagi, yoshlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasi uchun mas’uliyatni astoydil his etishga undaydi.

Davra suhbatida shoir, bastakor va xonandalar hamkorligini yanada kengaytirish va mustahkamlash, bu boradagi ishlarni tizimli tarzda yo‘lga qo‘yish, doimiy muvofiqlashtirib borishga oid dolzarb vazifalar belgilab olindi.



Manba: O`zA