Kengaytirilgan qidiruv

Sanoatimizni rivojlantirishning yangi bosqichi


28.01.2012

Prezidentimiz Islom Karimov 2011 yilning asosiy yakunlari va 2012 yilda O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida ta’kidlaganidek, o‘tgan yili mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’ati, kutilganidek, amalda 8,3 foizni tashkil etdi, 2000-2011 yillar mobaynida yalpi ichki mahsulot hajmi 2,1 barobar oshdi. Mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston dunyoning iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan mamlakatlari qatoridan joy oldi.

O‘tgan yili sanoat ishlab chiqarishi ham barqaror sur’atlar bilan rivojlandi. Agar 2000 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotini shakllantirishda sanoat ishlab chiqarishining ulushi bor-yo‘g‘i 14,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2011 yilda bu ko‘rsatkich 24,1 foizga yetdi.

Sanoat mahsuloti umumiy o‘sishining qariyb 70 foizi yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan tayyor mahsulot ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan sohalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bugungi kunda iqtisodiyotimizning yetakchilari bo‘lgan mashinasozlik va avtomobilsozlik tarmog‘i (12,2 foiz), kimyo va neft-kimyo sanoati (9,4 foiz), oziq-ovqat sanoati (13,1 foiz), qurilish materiallari ishlab chiqarish (11,9 foiz), farmatsevtika va mebelsozlik (18 foiz) 2011 yilda jadal sur’atlar bilan rivojlandi.

2011 yilni “O‘zkimyosanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi korxonalari ham muvaffaqiyatli yakunladi. Tarmoqda yuqori ko‘rsatkichlarga ishlab chiqarish-texnik maqsadlarga mo‘ljallangan, xalq iste’moli mollari va qishloq xo‘jaligi uchun kimyoviy mahsulotlarning ko‘plab turlarini ishlab chiqarish hisobiga erishildi. Ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash va tashqi bozorni o‘zlashtirish hisobidan yangi turdagi mahsulotlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish 1171,7 ming tonnadan, shu jumladan, azotli o‘g‘itlar – 924,3, fosforli o‘g‘itlar – 139,4, kaliyli o‘g‘itlar – 108 ming tonnadan oshdi. Shuningdek, agrar sektorda foydalaniladigan keng turdagi ozuqa fosfatlari, karbamid-ammiakli selitra, trinatriyfosfat va boshqa turdagi kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarish ham o‘zlashtirildi.

Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar xorijda ham o‘z xaridorlarini topmoqda. O‘tgan yili kimyoviy mahsulotlar eksporti prognozga nisbatan 110,8 foizni tashkil etdi.

Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida imzolangan shartnomalar bo‘yicha ham salmoqli natijalarga erishildi. Shartnoma majburiyatlariga ko‘ra, tarmoq korxonalari 97,5 milliard so‘mlik tovar-moddiy resurslarini xarid qildi. Hozirgi kunda mahalliylashtirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish orqali import tovarlar va xizmatlar hajmini yanada kamaytirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

“O‘zkimyosanoat” DAK matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, tarmoq korxonalari mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash, zamonaviy korxonalarni qurish, yangi turdagi kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish dasturlarini amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda. O‘tgan yili 57,7 milliard so‘mlik kapital mablag‘ o‘zlashtirilgani ham buni tasdiqlaydi. “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida kosmetika mahsulotlari, bolalar tagliklari va boshqa gigiyenik vositalar ishlab chiqaradigan yangi quvvatlar ishga tushirildi.

Bu borada “Jizzax plastmassa” va “Maksam-Chirchiq” ochiq aksiyadorlik jamiyatlari erishgan yutuqlar bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Xususan, “Jizzax plastmassa” ochiq aksiyadorlik jamiyatida attorlik mollari, bolalar o‘yinchoqlari va boshqa turdagi xalq iste’moli mollarini ishlab chiqarish texnologiyalari o‘zlashtirilgan bo‘lsa, “Maksam-Chirchiq” ochiq aksiyadorlik jamiyatida g‘ovakli selitra ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

“O‘zkimyosanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasining investitsiyaviy siyosati sarmoyalarni, jumladan, xorijiy sarmoyalarni jalb qilgan holda, zamonaviy raqobatbardosh kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, mavjud korxonalarni modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish loyihalarini amalga oshirish kabi istiqbolli vazifalarni bajarishga qaratilgan.

2011 yilda “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi korxonalari ham salmoqli natijalarga erishdi. Mazkur tarmoq korxonalarida modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash ishlari amalga oshirildi. O‘tgan yili “Bekobodsement”, “Qizilqumsement”, “Ohangaronsement” ochiq aksiyadorlik jamiyatlarida ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan salmoqli ishlar davom ettirildi.

“Qizilqumsement” ochiq aksiyadorlik jamiyatida sementni maydalash bo‘limi modernizatsiya qilinmoqda va ikkita yangi uskuna o‘rnatilmoqda. 2013 yilga qadar amalga oshiriladigan mazkur loyiha natijasida ishlab chiqarish quvvatini yiliga 1 million tonnaga oshirish va yiliga 0,5 million tonna yuqori sifatli sement ishlab chiqarish mo‘ljallangan.

“Ohangaronsement” ochiq aksiyadorlik jamiyatining texnologik liniyasi ham modernizatsiya qilinmoqda. Bu uskunalardan foydalanish muddatini uzaytirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatini oshirish imkonini beradi. Loyiha 2013 yilga qadar amalga oshiriladi.

Mamlakatimizda yaratilgan qulay investitsiyaviy muhit tufayli yuqori xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy qurilish materiallari, xususan, sopol plitka ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan yili “ToshKSM” ochiq aksiyadorlik jamiyati va “Moderna Ceramic Industries” qo‘shma korxonasida sopol plitka ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalari amalga oshirildi.

O‘tgan yilning may oyida “Knauf Gips Buxoro” mas’uliyati cheklangan jamiyati xorijiy korxonasida “Knauf” firmasi texnologiyasi asosida gips karton buyumlarini ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha loyiha ham yakunlandi. Bu yerda yiliga 20 million kvadrat metr gips karton qatlamlari ishlab chiqariladi. Germaniyaning “Knauf” kompaniyasi mazkur loyihani amalga oshirishga 35 million yevro mablag‘ sarfladi. Ishlab chiqarish jarayoni zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgan va to‘la avtomatlashtirilgan.

Toshkentdagi “Panel plast” qo‘shma korxonasida penopolistirol va mineral uvoqlar asosida uylarning old tomoniga bezak berish elementlarini ishlab chiqarishni tashkil etish ishlari nihoyasiga yetkazildi. Bu yerda yiliga 150 ming kvadrat metr deraza tokchalari, qulf qoplamalari, qulf uchun toshlar, tirgagichlar, ustunlar, issiqlikni o‘tkazmaydigan va qoplama panellar ishlab chiqariladi.

Yangi investitsiyaviy loyihalarning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi qurilish sanoati quvvatini yanada oshirish, ichki bozorni zarur mahsulotlar bilan to‘ldirish va eksport hajmini oshirish imkonini beradi. Prezidentimiz Islom Karimovning 2010 yil 15 dekabrda qabul qilingan sanoatni barqaror, jadal va muvozanatli rivojlantirishga qaratilgan “2011-2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi qarori ham bu borada muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.


Manba: O`zA