Kengaytirilgan qidiruv

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida


28.01.2012

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida umumiy yurisdiksiya sudlarining 2011 yil davomida odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyati hamda istiqboldagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan rayosat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy sud sudyalari, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar raislari ishtirok etdi.

Oliy sud raisi B.Mustafoyev boshqargan yig‘ilishda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlash, shaxs huquqi va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga doir sud-huquq tizimini demokratlashtirish va liberallashtirishga qaratilgan izchil islohotlar o‘zining yuksak samaralarini berayotgani alohida ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari tomonidan taqdim etilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida sud-huquq tizimini isloh etishning navbatdagi muhim yo‘nalishlari belgilab berilgani, ularni amalda ta’minlash borasida zarur chora-tadbirlar ko‘rilayotgani samarasida sohadagi ishlarning ko‘lami va samaradorligi yanada kengaymoqda.

Mamlakatimiz umumyurisdiksiya sudlari odil sudlovni amalga oshirish, fuqarolarning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash borasida samarali faoliyat yuritmoqda. 2011 yilda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 305 mingdan ortiq fuqarolik ishi ko‘rib chiqilgan. Shuningdek, 1,7 milliondan ortiq sud buyrug‘i chiqarilgan. Sud buyrug‘i chiqarilgan arizalar bo‘yicha 617 milliard so‘mdan ziyod mablag‘lar undirilgan. Fuqarolik ishlarining 89,5 foizi bo‘yicha hal qiluv qarori chiqarilgan, shundan 94,4 foiz ish bo‘yicha da’vo qanoatlantirilgan.

Jinoyat qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar amaliyotda o‘z samarasini bermoqda. Xususan, yarashuv instituti amaliyotga joriy qilinganidan buyon o‘tgan vaqt mobaynida 126 mingga yaqin shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi. Shuningdek, jazolarni liberallashtirish haqidagi qonun hayotga tatbiq qilinayotganidan buyon 156 milliard so‘mdan ortiq moddiy zararning o‘rnini qoplagan 20 ming nafardan ortiq shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan. Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqida kelib tushgan iltimosnomalarning soni 2011 yilda 2010 yilga nisbatan 28,3 foiz kamaygan.

Yig‘ilishda fuqarolarning sudlarga murojaati yildan-yilga ortib borayotgani, bu ularning huquqiy madaniyati va sud orqali o‘z huquqlarini tiklashga bo‘lgan ishonchi yuksalayotganidan dalolat berishi qayd etildi. Bu sudyalardan o‘z ishiga yanada mas’uliyat bilan yondashishni talab etadi. Chunki har bir murojaat zamirida inson taqdiri mujassam. Ularning qonuniy va o‘z vaqtida hal etilishi sud hokimiyatining obro‘sini yanada oshiradi.

Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning Mustahkam oila yili, deb e’lon qilinishi sudlar zimmasiga ham alohida mas’uliyat yuklaydi. Shu bois yig‘ilishda sudlar tomonidan oilani mustahkamlashga qaratilgan ishlarni protsessual qonunlarda belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqish, sud qarorlari ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash, bu borada targ‘ibot-tushuntirish ishlarini izchillik bilan olib borish zarurligi alohida qayd etildi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda sudlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, protsessual qonunbuzilish holatlari, sudning obro‘siga putur yetkazadigan kamchiliklar atroflicha muhokama etildi. Odil sudlovni amalga oshirish, adolatni qaror toptirishda qonuniy va adolatli sud qarorlarining qabul qilinishi sud hokimiyatining obro‘-e’tiborini yuksaltiradigan, fuqarolarning unga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydigan muhim omil ekanligi alohida ta’kidlandi.

Muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.


Manba: O`zA