Kengaytirilgan qidiruv

Oliy sudda uchrashuv


23.02.2012

Mamlakatimizga tashrif buyurgan Finlyandiya Respublikasi Oliy ma’muriy sudi prezidenti Pekka Ilmari Xallberg rahbarligidagi delegatsiya a’zolari 22 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida bo‘ldi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston bilan Finlyandiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari ko‘plab sohalar qatori sud-huquq tizimida ham izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda Finlyandiya delegatsiyasi davlatimiz rahbarining Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” ma’ruzasida ilgari surilgan g‘oyalar, belgilab berilgan davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish, sud-huquq tizimini takomillashtirishga oid ustuvor yo‘nalishlar bilan atroflicha tanishtirildi.

Finlyandiyalik mehmonlar O‘zbekistonda qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatni ta’minlash, fuqarolarning haq-huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro standartlarga mos holda qabul qilinayotgan qonunlarga yuksak baho berdilar.

– O‘zbekistonda ko‘plab sohalar qatori sud-huquq tizimini erkinlashtirish va demokratlashtirish, odil sudlovni amalga oshirish borasidagi izchil islohotlar berayotgan yuksak samaralar bilan tanishish imkoniga ega bo‘lganimizdan mamnunmiz, – dedi Pekka Ilmari Xallberg. – O‘zbekiston bilan mazkur sohadagi aloqalarni kelgusida yanada rivojlantirish niyatidamiz.

Uchrashuvda ikki mamlakat sud-huquq idoralari o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi ahvoli va istiqboli, mazkur sohadagi aloqalarni yanada kengaytirish va mustahkamlashga oid masalalar muhokama qilindi.

Shu kuni finlyandiyalik mehmonlar Mustaqillik maydonida bo‘lib, bu yerda davlatimiz rahbari Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdilar, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydilar.



Manba: O`zA