Kengaytirilgan qidiruv

Osiyo chempionatining to‘rt medali


22.02.2012

Janubiy Koreyaning Gumi shahrida erkin, yunon-rum va xotin-qizlar kurashi bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida qit’amizning yigirmadan ziyod mamlakatidan 250 nafarga yaqin sportchi g‘oliblik uchun kuch sinashdi.

Musobaqada yunon-rum kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi ikki kumush va ikki bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Yunon-rum kurashi bo‘yicha 55 kilogramm vazn toifasida gilamga chiqqan iqtidorli yosh polvonimiz Elmurod Toshmurodovning mahorati muxlisu mutaxassislarda yaxshi taassurot qoldirdi. O‘tgan yili o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida bronza medalni qo‘lga kiritgan hamyurtimiz bu yil kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida yurtimiz sharafini munosib himoya qildi. Elmurod finalgacha o‘tgan uchrashuvlarda hindistonlik Jogindar Singh, eronlik Muhsin Husayn Hojipur va yaponiyalik Shota Tanokurani mag‘lubiyatga uchratdi. Hal qiluvchi final bahsida mezbonlar vakili Jung Baik Liga imkoniyatni boy bergan hamyurtimiz kumush medal bilan kifoyalandi.

Yana bir iste’dodli kurashchimiz Besiki Saldadze 84 kilogramm vazn toifasida kumush medalga sazovor bo‘ldi. O‘zbekistonlik kurashchi musobaqa davomida hindistonlik Manoj Kumar, turkmanistonlik Kiyas Esenov va qozog‘istonlik Maksat Yerejepovga qarshi bahslarda zafar quchdi.

O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan o‘smirlar o‘rtasidagi I yozgi Olimpiya o‘yinlari sovrindori Ruslan Komilov hamda iqtidorli kurashchi Vladimir Pogudin o‘z vazn toifasida uchinchi o‘rinni egalladi.



Manba: O`zA